Navoiy viloyatida seminar tashkil qilindi.

06/12/2023

“Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi Navoiy viloyati bo‘linmasi tashabbusi bilan joriy yil 5-dekabr kuni viloyat prokuraturasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Navoiy viloyati boshqarmasi xodimlari ishtiroklarida o‘quv-seminar tashkil etildi.

Seminarda noruda materiallarni noqonuniy ravishda qazib olish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik hamda kon yoki uchastkani qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi mas’ul idoralar tomonidan qabul qilingan qo‘shma qarorning mazmuni sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga yetkazildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-noyabrdagi 666-son qarori talablari hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligining 2023-yil 25-sentyabrdagi “Daryo va soy o‘zanlarida qum-shag‘al materiallarini qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlaridan ruxsatnoma yoki shartnoma muddati tugagandan so‘ng kon yoki uchastkani qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori mazmuni tadbirkorlar va nazorat qiluvchi organlar mutaxassislari hamkorligida muhokama qilindi.

Seminar davomida keng tarqalgan noruda foydali qazilmalarni qazish tartibi, noqonuniy qum-shag‘al materiallarini qazib olish holatlarini oldini olish, yer va suv resurslarini muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda amal qilish muddati yakunlangan shartnoma yoki ruxsatnoma bo‘yicha qazish ishlari tugagan kon yoki uchastkalarni davlat zahirasiga qaytarish sohasida kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.