ICHKI BOZORNI QUM-SHAG‘AL MATERIALLARI BILAN BARQAROR
TA’MINLASH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mamlakatimizda suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, daryolar, soylar, jilg‘alar va ko‘llar muhofaza hududlarini va o‘zanlarini (keyingi o‘rinlarda daryo o‘zani deb yuritiladi) tozalash bo‘yicha ishlarni samarali tashkillashtirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan noruda foydali qazilmalar mavjud joylarda yer osti boyliklari uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lmagan subyektlar tomonidan o‘zanlarni tozalash ishlari jarayonida noqonuniy tarzda qum-shag‘al materiallarini qazib olish ishlari davom etmoqda.
Shu o‘rinda, tadbirkorlik subyektlariga bunday ishlarni amalga oshirish imkoniyatini bekor qilinganligi ularning mavjud texnika va jihozlarining ishlamay turib qolishiga va ichki bozorda qum-shag‘al materiallarining narxi keskin oshib ketishini yuzaga keltirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining sel, toshqin va yer ko‘chkisi xavfi bo‘lgan hududlarda qirg‘oqni mustahkamlash, himoya qilish va tiklash ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan muhandislik-texnik otryadlariga daryolar va soylar o‘zanlarini tozalash ishlarining yuklatilishi to‘planib qolgan ushbu muammolarni hal qilish uchun yetarli bo‘lmayapti.
Faol tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, daryo o‘zanlarini tozalash jarayonida qonunchilik talablari buzilishining oldini olish, bu sohada davlat-xususiy hamkorligini rivojlantirish, shuningdek, ichki bozorni qum-shag‘al materiallari bilan barqaror ta’minlash maqsadida:
1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-sentabrdagi “Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3286-son qarori asosida:
daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlari O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining sel, toshqin va yer ko‘chkisi xavfi bo‘lgan hududlarda qirg‘oqni mustahkamlash, himoya qilish va tiklash ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan muhandislik-texnik otryadlari tomonidan amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
ushbu ishlarga toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash, kor ko‘chish va yer ko‘chki hodisalari xavfini kamaytirish bo‘yicha Hukumat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Komissiya) qarori asosida boshqa tashkilotlar ham jalb etilishi mumkin.
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi PQ-426-son qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.11.2022-y., 07/22/426/1026-son)
2. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining vazirlik huzurida daryolar o‘zanlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish bo‘yicha buyurtmachi sifatida “Xavfsiz daryo” davlat unitar korxonasini (keyingi o‘rinlarda — “Xavfsiz daryo” DUK) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. “Xavfsiz daryo” DUKning asosiy vazifalari etib kuyidagilar belgilansin:
daryo o‘zanlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al qazib olish ishlarini olib borish uchun loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, ular bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish;
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi xodimlari bilan birgalikda doimiy ravishda joylarga chiqqan xolda daryolar o‘zanlarini tozalash ishlari olib borilayotgan uchastkalardagi holatni o‘rganish;
shartnoma asosida jalb etilgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan daryolar o‘zanlarini tozalash ishlari natijasida olingan qum-shag‘al materiallari hajmining hisobini yuritish;
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda daryolar o‘zanlarida qum-shag‘al materiallari to‘planib qolgan va tozalanishi lozim bo‘lgan uchastkalar ro‘yxatini tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritish.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
to‘planib qolgan qum-shag‘al materiallaridan tozalanishi lozim bo‘lgan daryo o‘zanlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitalari xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijalari bo‘yicha shakllantiriladi;
Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatdagi maydonlarda daryolar o‘zanlarini tozalash ishlariga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilish “Xavfsiz daryo” DUK tomonidan “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali o‘tkaziladigan tanlov yo‘li bilan amalga oshiriladi;
daryo o‘zanlarini tozalashda faqat, qirg‘oqlar yuvilishiga hamda yaqin hududlarni suv bosishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan va suv oqimlariga to‘sqinlik qilayotgan o‘zanda yig‘ilib qolgan qum-shag‘al materiallari hajmini qazib olinishiga ruxsat etiladi;
daryo o‘zanlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish ishlari mavsumiy tarzda, yer uchastkalarini ajratmagan xolda amalga oshiriladi;
qum-shag‘al materiallarini realizatsiya qilishda tadbirkorlik subyektlari soliqqa tortishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda qazilma boyliklardan foydalanganliklari uchun o‘rnatilgan tartibda soliq to‘laydilar;
daryo o‘zanlarini sifatli va o‘z vaqtida tozalanishiga “Xavfsiz daryo” DUK mas’uldir.
5. Belgilansinki:
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi “Xavfsiz daryo” DUKning muassisi hisoblanadi;
“Xavfsiz daryo” DUK direktori va uning o‘rinbosari Favqulodda vaziyatlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod qilinadi, harbiy xizmatchi hisoblanadi xamda maqomi bo‘yicha tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi markaziy apparatining boshqarma boshlig‘i va uning o‘rinbosari lavozimiga tenglashtiriladi.
6. “Xavfsiz daryo” DUK harbiy xizmatchilari qonunchilikda belgilangan oziq-ovqat, pul, kiyim-kechak, turar joy ta’minoti bilan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ta’minlanishi, shuningdek, pensiya, tibbiy ta’minot va boshqa ijtimoiy kafolatlar xamda imtiyozlardan foydalanishi belgilab qo‘yilsin. Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ofitser tarkibiga kiruvchi ikkita qo‘shimcha harbiy xizmatchilar shtat birligi ajratilsin.
7. “Xavfsiz daryo” DUK direktoriga kuyidagi huquqlar berilsin:
yetarli darajadagi bilim va ish tajribasiga ega bo‘lgan malakali mutaxassislarni fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida jalb qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan xolda tashkiliy-shtat tuzilmasiga o‘zgartirish kiritish va ish hajmidan kelib chiqqan holda yuridik shaxs maqomisiz, 4 nafardan ortiq bo‘lmagan shtat birligi bilan hududiy bo‘linmalarni tashkil etish.
8. “Xavfsiz daryo” DUK faoliyatini moliyalash manbalari etib kuyidagilar belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektlari tomonidan “Xavfsiz daryo” DUKga daryo o‘zanlarini tozalash natijasida olingan qum-shag‘al materiallarining har bir kub metri uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlariga shartnoma tuzilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi va respublikaning boshqa hududlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 0,1 foiz miqdoridagi to‘lovlar.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-dekabrdagi PQ-4938-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 07/20/4938/1680-son)
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
9. Belgilab qo‘yilsinki, “Xavfsiz daryo” DUKning pul mablag‘lari faqat quyidagilarga:
“Xavfsiz daryo” DUKni saqlab turish xarajatlariga;
tadbirkorlik subyektlarini daryo o‘zanlarini tozalash ishlariga jalb qilish bilan bog‘lik xarajatlarga;
“Xavfsiz daryo” DUK xamda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining sel, suv toshqini va ko‘chki xavfli hududlarda qirg‘oq mustahkamlash, himoyalash va tiklash ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan muhandislik-texnik otryadlariga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida moddiy-texnik ta’minlashga yo‘naltiriladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
“Xavfsiz daryo” DUK Ustavini, tashkiliy-shtat tuzilmasini, shtat jadvalini, xarajatlar smetasini tasdiqlasin va uning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
“Xavfsiz daryo” DUKni xizmat xonalari, mebel, kompyuterlar, aloqa, shuningdek, zaruriyatga ko‘ra transport vositalari bilan ta’minlasin;
“Xavfsiz daryo” DUK faoliyatini samarali tashkil etishni yuqori xamda professional darajada ta’minlay oladigan malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin.
11. Komissiya to‘planib qolgan qum-shag‘al materiallaridan tozalanishi zarur bo‘lgan daryolar va soylar uchastkalari ro‘yxatini tasdiqlagach, ularni O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitalarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishini ta’minlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitalari daryolar o‘zanlarining tozalanishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda mazkur ishlar natijasida olingan qum-shag‘al materiallari hisobga olinishi ustidan qat’iy nazoratni o‘rnatsin, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun qum va shag‘alning o‘rnini bosadigan mavjud muqobil qurilish tosh qazilma joylarini taqdim qilish bo‘yicha zarur sharoitlar yaratsin.
13. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari daryolarning himoya zonalari, o‘zanlari, ko‘llar, suv omborlari, kanallar, zovurlar, va boshqa suv obyektlarini tozalash hamda ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarida ishtirok etish istagini bildirgan tadbirkorlik subyektlariga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatsin.
14. Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
a) bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Favqulodda vaziyatlar vazirligi markaziy apparatining yangilangan shtat jadvalini tasdiqlasin;
Oldingi tahrirga qarang.
b) 2018-yil yakunlari bo‘yicha, keyinchalik zaruratga qarab, “Xavfsiz daryo” DUKning faoliyatini va daryo o‘zanlarini tozalash ishlarini samaradorligini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritsin.
(14-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
v) ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
“E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali tadbirkorlik subyektlarini daryolar o‘zanlarini tozalash ishlariga jalb qilish tartibini tasdiqlash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchisi T.A. Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 9-iyul,
PQ-3841-son