Toshkent viloyati Chinoz tumanida jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi.
22/12/2023
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan “Atrof muhitga ta’sirni baholash loyihalarini jamoatchilik eshituvlaridan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablari ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 22-oktyabr kuni soat 15:00 da Chinoz tumani “Chinmachit” MFY ma’muriy binosida Toshkent viloyati Chinoz tumani “Oxunboboyev” massivi hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosi o‘zanidagi uzunligi 650 metr, eni 100 metr bo‘lgan uchastkada to‘planib qolgan qum-shag‘al materiallaridan tozalash loyihasini muhokama qilish maqsadida jamoatchilik eshituvi tashkil qilindi.
Jamoatchilik eshituvida sohaga taaluqli idoralar va tashkilotlar hamda tozalanishi lozim bo‘lgan hudud yaqinida istiqomat qiluvchi aholi vakillari qatnashdilar.
O‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida, Toshkent viloyati Chinoz tumani “Oxunboboyev” massivi hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosi o‘zanidagi uchastkada daryo o‘zanini tozlash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish loyihasini amalga oshirish zarurati va unga tegishli bo‘lgan hujjatlarning mazmun-mohiyati yig‘ilganlarga tushuntirildi.
O‘z navbatida, eshituvda ishtirok etgan “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi bo‘lim boshlig‘i M.Muxamedov mazkur loyihaning maqsadi etib, suv toshqini mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sel oqimlarini Sirdaryo daryosidan talofatsiz o‘tkazish, qirg‘oqlar yuvilishini hamda qirg‘oqqa yaqin joylashgan hududlarni, aholi punktlarini, ijtimoiy va boshqa obyektlarni suv bosishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarni oldini olishga qaratilganligini ta’kidlab o‘tdi.
Jamoatchilik eshituvi yakuni yuzasidan loyihani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha o‘tkazilgan ovoz berish jarayonida aholining fikri bo‘linganligi sababli, loyihani amalga oshirish davlat ekologik ekspertiza markazi ixtiyoriga qoldirildi.