Aholi murojaatlari bilan ishlashda samaradorlik: sayyor qabullar misolida

22/04/2026

Mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligidagi islohotlar avval – inson, keyin – jamiyat va davlat, degan tamoyillar asosida olib borilmoqda. Aholi murojaatlari bilan ishlash borasida ham yangi mexanizmlarni tadbiq etish orqali odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish, har bir bo‘g‘inda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga erishilmoqda. “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi faoliyatida ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi yanada takomillashtirib kelinmoqda. Jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda sayyor qabullar orqali qabul qilishni tashkil etish huquqiy tomonlama mustahkamlangan. Xusasan, “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi rahbari Ravshan Sharopov tomonidan 2026-yilning birinchi choragida hududlarda 4 ta sayyor qabul tashkil etildi. Ushbu qabullar Toshkent, Sirdaryo, Samarqand va Navoiy viloyatlarida o‘tkazilib, aholi bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning muammo va takliflarini o‘rganish hamda tezkor choralar ko‘rishga qaratildi. Mazkur sayyor qabullarda jami 105 nafar fuqaro ishtirok etib, shundan 25 nafar fuqaro tomonidan turli masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi. Hududlar kesimida natijalar quyidagicha shakllandi. Toshkent viloyatida o‘tkazilgan qabulda 20 nafar fuqaro qatnashib, 7 ta murojaat kelib tushdi va ularning barchasi joyida ijobiy hal etildi. Sirdaryo viloyatida 35 nafar fuqaro ishtirok etib, 6 ta murojaat bildirildi va Samarqand viloyatida esa 28 nafar fuqaro qatnashib, 5 ta murojaat yo‘llandi hamda ular ham to‘liq qanoatlantirildi. Navoiy viloyatida o‘tkazilgan sayyor qabulda esa 22 nafar fuqaro ishtirok etib, 7 ta murojaat qayd etildi. Mazkur murojaatlar hozirgi kunda o‘rganish jarayonida bo‘lib, ularni hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.Yuqoridagi tahlil shuni ko‘rsatadiki, sayyor qabullar davomida aprel oyiga qadar kelib tushgan murojaatlarning 100 foizi ijobiy hal etilgan. Aprel oyidagi murojaatlar bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu esa murojaatlar bilan ishlashda samarali mexanizm yo‘lga qo‘yilganini, masalalar ortga surilmasdan, joyida hal etilayotganini anglatadi. Shu bilan birga, sayyor qabullar davomida tadbirkorlik subyektlari uchun ham qulay sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, ular soha mutaxassislari bilan bevosita muloqot qilish orqali o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan ishonchli va aniq ma’lumotlarga ega bo‘lmoqda. Bu esa ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish, turli idoralar o‘rtasida qatnab yurish zaruratini kamaytirish hamda murojaatlarni tezkor va samarali hal etishga xizmat qilmoqda. Sayyor qabullar davomida ko‘tarilgan masalalar tahlili sohada mavjud ayrim tizimli muammolarni ham aniqlash imkonini bermoqda. Jumladan, bozor mexanizmlarini joriy etish bilan bog‘liq masalalar asosiy yo‘nalish sifatida namoyon bo‘lmoqda. Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, sayyor qabullar aholining muammolarini joyida o‘rganish, ularni tezkor hal etish hamda davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, bu kabi uchrashuvlar orqali fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki kengayib, ularning taklif va tashabbuslari soha rivojiga xizmat qilmoqda.Kelgusida mazkur amaliyotni yanada kengaytirish, murojaatlar tahlili asosida tizimli muammolarni bartaraf etish va suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish orqali yuqori samaradorlikka erishish ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.