Surxondaryoda ikkita noqonuniy holat to‘xtatildi
22/07/2024
2024-yilning 18-iyul kuni “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi markaziy apparati xodimlari, Surxondaryo viloyati bo‘linmasi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida tuzilgan tezkor guruh tomonidan viloyat hududidan oqib o‘tuvchi daryo va soy o‘zanlaridan noqonuniy ravishda qum-shag‘al materiallarini qazib olish holatlarini oldini olishga qaratilgan nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi.
Reyd tadbiri davomida, fuqaro M.A. tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan “HYUNDAI” rusumli ekskavator hamda “KAMAZ” rusumli yuk tashish texnikalari yordamida Denov tumani “Vodiy ” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Qizilsuv daryosi o‘zanidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al materiallarini olayotganligi aniqlandi.
Aniqlangan holat yuzasidan qonuniy ravishda jazo ta’sir chorasini qo‘llash maqsadida, huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 701-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari ya'ni 10 200 000,00 so‘m (o‘n million ikki yuz ming) miqdorida jarimaga tortildi.
Shu bilan birga, joriy yilning 19-iyul kuni Boysun tumanida olib borilgan nazorat reyd tadbiri davomida Boysun tumani “To‘dasoy” MFY hududidan oqib o‘tuvchi “To‘dasoy” daryosi qirg‘oqlaridan hech qanday ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan fuqaro tomonidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al materiallarini qazib olinayotganligi hamda daryo o‘zanini 10-15 metrgacha chuqurlashtirib qaziganligi aniqlangan.
Huquqbuzarlikni sodir etgan fuqaroga nisbatan qonuniy chora ko‘rish maqsadida tabiatga yetkazilgan zarar qiymatini aniqlash bo‘yicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi Surxondaryo viloyati boshqarmasining mas’ul xodimlariga to‘plangan materiallar taqdim etildi.
Yuqoridagi kabi nazorat reyd tadbirlari tezkor guruh tomonidan viloyatning qolgan tumanlarida ham olib borilmoqda.