Daryo va soylarni tozalash: loyiha bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkazildi 

24/02/2026

  Toshkent viloyati hududida joylashgan daryo va soy o‘zanlarini tozalash, ularning gidrologik holatini yaxshilash hamda suv oqimining erkin harakatini ta’minlash maqsadida navbatdagi jamoatchilik eshituvlari tashkil etildi. Mazkur tadbir “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi mutaxassislari hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari tomonidan o‘tkazildi.  

 Jamoatchilik eshituvlari Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidagi “Yonariq”, “Telov”, “Qizilsoy”, “Go‘shsoy”, “Ungut”, “Ovjazsoy” va “Alisher” MFYlari hududidan oqib o‘tuvchi Ohangaron daryosi, Shourgazsoy, O‘rgazsoy, Go‘shsoy soyi hamda Ovjazsoy soylari, shuningdek, Bo‘stonliq tumani “Qoramozor” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Oqsoqotasoy soyi o‘zanlarining belgilangan uchastkalarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar yuzasidan tashkil etildi.
     
 Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentyabrdagi 541-sonli “Atrof muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori talablari asosida o‘tkazildi.
   
 Eshituv jarayonida mutaxassislar tomonidan daryo va soy o‘zanlarini tozalash ishlarining maqsadi, ko‘lami, amalga oshirish mexanizmlari, ekologik xavfsizlik choralariga rioya etilishi, shuningdek, tabiiy muhitga ehtimoliy ta’sirlarni kamaytirish bo‘yicha ko‘zda tutilgan tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi. 
 
Jamoatchilik eshituvida hudud aholisi hamda tegishli soha vakillari ishtirok etib, o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar. Yakuniy natijalarga ko‘ra, daryo va soy o‘zanlarini tozalash bo‘yicha ishlab chiqilishi rejalashtirilgan loyihalar jamoatchilik tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.