Farg‘ona viloyatida toshqin suvlarini talofatsiz o‘tkazishga qaratilgan mustahkamlash va himoyalash ishlari olib borildi
06/01/2024
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Farg‘ona viloyat boshqarmasi, Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Viloyat ichki Ishlar Boshqarmasi, Viloyat va Uchko‘prik tuman hokimliklari hamda “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi Farg‘ona viloyati bo‘linmasi xodimlari hamkorligida toshqin suvlarini Farg‘ona viloyati hududidan oqib o‘tuvchi daryo va soylardan talofatsiz o‘tkazishga qaratilgan amaliy ishlar tashkil etildi.
Mazkur tashkil etilgan tadbir Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani hududidan oqib o‘tuvchi “So‘x” daryosida sel-toshqin mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, mazkur inshootni mustahkamlash va himoyalash uchun 22 turdagi 30 ta muhandislik texnikalari jalb etildi.
Shundan “Xavfsiz daryo boshqarmasi” DM tashabbusi bilan “SEVEN SABER 777” MChJ 1 ta ekskovator, 1 ta yuk ortish texnikasi, 1 ta betonlashtirish texnikasi va 1 ta yuk mashinasi, “AL MANZUR BAROKOT” MChJ 1 ta ekskovator hamda “MEGA BUILD PARTNER” MChJ tomonidan 1 ta yuk mashinasi ajratilib, daryo muhofazasiga qaratilgan amaliy ishlarga jalb etildi.
Tashkil etilgan tadbirning mazkur bosqichida toshqin mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tabiiy sel xavfini Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani hududidan oqib o‘tuvchi So‘x daryosidan talofatsiz o‘tkazish va qirg‘oqlar mustahkamlash ishlariga daryoning talvegida 1,1 tonna armosetka tashlanib, 2087 metr kub hajmda betonlashtirildi.
Kelgusida mazkur turdagi tadbirlar viloyatning boshqa tumanlarida ham tashkillashtirilib, daryo muhofazasiga oid amaliy ishlar mutasaddi tashkilotlar hamkorligida muntazam davom ettirishga kelishildi.