Moratoriy joriy qilingan hududlarda vizual kuzatuv ishlari olib borilmoqda
04/03/2024
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-son Farmoni bilan joriy yilning 1-may kunidan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanidagi noruda materiallarini qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilish, Vazirlar Mahkamasi tomonidan moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralarini belgilash topshirig‘i berilgan.
Farmon ijrosi bo‘yicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Suv yer resurslarini muhofaza qilish bo‘limi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi Surxondaryo viloyati boshqarmasi, “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi, Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, “Suvxo‘jalikinazorat” inspeksiyasi, O‘rmon xo‘jaligi, Janubiy mintaqaviy boshqarmasi sanoat xavfsizligini nazorat qilish, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda “Amu-Surxon” ITXB Surxondaryo boshqarmalari mutaxassis xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, Surxondaryo daryosi o‘zanining moratoriyga tushadigan Termiz, Qumqurg‘on, Jarqo‘rg‘on, Sho‘rchi va Denov tumanlari hududidan oqib o‘tuvchi qismiga aniqlik kiritish maqsadida vizuval kuzatuv hamda o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida birinchi navbatda betartib qazish ishlari natijasida daryolar o‘zanlari chuqurlashgan va qirg‘oqlari yemirilgan qismlarida sug‘orish tizimlari, elektr qurilmalari, ko‘priklar va gidrotexnika infratuzilma obyektlariga zarar yetkazayotgan uchastkalarda moratoriy tadbiq qilish hamda noruda materiallarini qazib olinishini to‘xtatishga alohida e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘rganish yakunida moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralarini belgilash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan taklif kiritiladi.