Tabiiy obyektlarga yetkazilgan zarar 29 millionni tashkil etdi

25/07/2024

Joriy yilning may oyida “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi Namangan viloyati bo‘linmasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida viloyat hududidan oqib o‘tuvchi Norin daryosi o‘zanidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al materiallarini qazib olish holatlarini oldini olishga qaratilgan nazorat reyd tadbiri o‘tkazilgan edi.

Reyd tadbiri davomida, Norin daryosi qirg‘oqbo‘yi mintaqasida fuqaro U.M. tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan texnikalar yordamida noqonuniy ravishda qum-shag‘al materiallarini qazib olayotganligi aniqlangan edi.

Aniqlangan holat yuzasidan qonuniy ravishda jazo ta’sir chorasini qo‘llash maqsadida, huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 70-1-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari ya'ni  10 200  000 (o‘n million ikki yuz ming) so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Shuningdek, o‘rganishlar natijasida huquqbuzarning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-noyabrdagi 666-son qaroriga muvofiq, tabiiy obyektlarga yetkazilgan zarari 29 400 000 so‘mni tashkil etilganligi aniqlandi.

Yuqoridagi kabi nazorat reyd tadbirlari tezkor guruh tomonidan Respublikamizning qolgan viloyatlarida ham olib borilmoqda.