Farmon talablarining ijrosi o‘rganilmoqda
24/05/2024
2024-yilning 22-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Administratsiyasi, Bosh prokuraturasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va “Xavfsiz daryo boshqarmasi” DM xodimlari hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-14-sonli Farmon talablari ijrosi o‘rganib chiqildi.
Mazkur Farmon bilan 2024-yil 1-maydan boshlab Chirchiq, Sirdaryo, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlaridan noruda materiallarini qazib olishga muddatsiz moratoriy e’lon qilingan.
Shu bilan birga, 2024-yil 1-may sanasidan moratoriy joriy qilingan daryolardan qum-shag‘al materiallarini qazib olish noqonuniy deb hisoblanishi va huquqbuzarlarga nisbatan keskin choralar qo‘llanilishi qonun bilan belgilab qo‘yildi.
Farmonda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligiga, mutasaddi vazirlik hamda idoralarga 2024-yil 1-aprelga qadar tog‘ va tog‘oldi hududlarida muqobil noruda foydali qazilma konlari va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish, daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan noruda materiallarni qayta ishlash korxonalarini tog‘ va tog‘oldi hududlariga yoki ushbu hududlarning yaqinida joylashgan kichik sanoat zonalariga ko‘chirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga shart-sharoit yaratish maqsadida qo‘shimcha kichik sanoat zonalarini tashkil qilish va ularda muhandislik-infratuzilma obyektlarini barpo etishni nazarda tutish vazifasi belgilangan.
O‘tkazilgan nazorat tadbiri doirasida, Chirchiq daryosining Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan berilgan litsenziyaga ega o‘ndan ortiq tadbirkorlik subyektlari tomonidan qum-shag‘al materiallarini 30 metr chuqurlikkacha qazib olish holatlari hamda Chirchiq daryosining muhofaza mintaqasida qurilish mollarini ishlab chiqaruvchi zavod qurib, hozirgi vaqtga qadar faoliyatini davom ettirib kelayotganligi aniqlandi.
Aniqlanga holat bo‘yicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan noqonuniy faoliyat ortidan tabiatga yetkazilgan zarar miqdoriga aniqlik kiritilmoqda.