Tunda noqonuniy qazish ishlariga chek qo‘yildi

16/02/2024

"Xavfsiz daryo boshqarmasi" davlat muassasasi Namangan viloyat bo‘linmasi  hamda Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi  Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari ishtirokida noruda materiallarini noqonuniy ravishda qazib olish holatlarini oldini olishga qaratilgan tungi nazorat reyd tadbiri  tashkil etildi.

Uchqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.X tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan “SAMSUNG” rusumli  ekskavator yordamida Norin daryosining “Qozoqovul” MFY hududidan oqib o‘tgan qismida hech qanday ruxsatnomalarsiz qum-shag‘al materiallarini noqonuniy ravishda qazish ishlari olib borilayotganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 70-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari ya’ni 10 200 000 (o‘n million ikki yuz ming) so‘m jarima tayinlandi hamda unga tegishli bo‘lgan maxsus texnikalar daryo o‘zanidan chiqarib yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-son Farmonga asosan muddatsiz moratoriy joriy etilganligi sababli, Norin, Zarafshon, Sangzor, Chirchiq, Surxondaryo va Qashqadaryo daryolaridagi barcha turdagi faoliyatlar joriy yilning 1-may sanasidan noqonuniy deb hisoblanadi.