Noruda materiallarini noqonuniy qazib olinishiga chek qo‘yildi

18/01/2024

Daryolar o‘zanlaridan qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazilishini oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi Namangan viloyati boshqarmasi hamda Xavfsiz daryo boshqarmasi Namangan viloyati bo‘linmasi hodimlari hamkorligida nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi.

Reyd davomida fuqaroning qonunga zid bo’lgan haraktlari mutaxassislarning e’tiborini tortgan. Holatga oydinlik kiritilishi natijasida fuqaro U.S hech qanday ruxsatnomalarsiz o‘ziga tegishli bo‘lgan ekskovatorda Uchqo‘rg‘on tumani “Qozoqovul” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Norin daryosi o‘zanidan qum-shag‘al materiallarini yuk mashinasiga yuklayotganligi aniqlandi.

Aniqlangan holat bo‘yicha huquqbuzar fuqaroga nisbatan Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 701-moddasiga asosan bayonnoma rasmiylashtirilib ba’zaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida jarima belgilandi. Huquqbuzar tomonidan tabiatga yetkazilgan zarar miqdorini hisoblash va undirish choralari ko‘rilmoqda.

Xavfsiz daryo boshqarmasi Namangan viloyati bo‘linmasi xodimi tomonidan huquqbuzarga daryolar o‘zanini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish huquqini “E-AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali qo‘lga kiritishi imkoni mavjudligi tushuntirildi.