Namangan viloyati hududidagi daryo va soy o‘zanlarini tozalash ishlarini olib borishni tashkil etish bo‘yicha jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi
30/01/2025
2025-yil 27-28 yanvar kunlari “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi Marketing, loyiha va auksion hujjatlarini tayyorlash bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari O.Qodirov, Namangan viloyati bo‘linmasi boshlig‘i F.Tursinov, hamda “Davlat ekologik ekspertiza markazi” Namangan filiali direktori A.Xaydarovlar boshchiligida Yangiqo‘rg‘on tumani “Ko‘kyor” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Podshootasoy soyi va Pop tumani “G‘urumsaroy” va “Xonobod” MFYlar hududlaridan oqib o‘tuvchi Chodaksoy, “Eskiobod” MFY hududidan oqib o‘tuvchi G‘ovasoy soyi o‘zanidagi uchastkalarda ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgan loyihalarni atrof-muhitga ta’siri to‘g‘risidagi ariza loyiha ishlari bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkazildi.
Jamoatchilik eshituvlarida asosiy e’tibor Podshootasoy, Chodaksoy va G‘ovasoy o‘zanlari va mintaqalaridagi ekologik muammolar, uchastkalarni to‘planib qolgan qum-shag‘al materiallaridan tozalash orqali hududda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sel oqimlari va suv toshqinlari bilan bog‘liq bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda hududlarda istiqomat qiluvchi aholi, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari va ishlab chiqarish korxonalarini muhofazasini ta’minlash choralarini ko‘rish lozimligiga qaratildi.
O‘tkazilgan jamoatchilik eshituvlarida mahalla faollari tomonidan soylar o‘zanlarini tozalash bo‘yicha ishlab chiqilishi rejalashtirilgan loyihalar bir ovozdan ma’qullandi.
Ta’kidlash joizki, jamoatchilik eshituvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentyabrdagi “Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizimini yanada takomillashirish toʻgʻrisida” 541-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiq tashkil etildi.