Rasmiy munosabat
23/05/2024
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-son Farmoniga asosan, 2024-yil 1-may kunidan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingani to‘g‘risida ma’lumot bergan edik.
2024-yilning 7-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan 1-maydan boshlab, bir qancha daryolarning o‘zanidan qum-shag‘al materiallarini qazib olishga moratoriy e’lon qilinganliga qaramasdan hanuzga qadar Qashqadaryo daryosidan qum-shag‘al materiallarini qazib olish davom etayotgani ma’lum qilingan.
Yuqoridagi ko‘tarilgan masala yuzasidan “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi o‘ziga tegishli qismda quyidagilarni ma’lum qiladi:
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasining Ekologik nazorat inspeksiyasi hamda “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi Qashqadaryo viloyati bo‘linmasi xodimlari ishtirokida moratoriy joriy etilgan daryolarda may oyining 1-sanasidan boshlab muntazam ravishda nazorat reyd tadbirlari olib borilmoqda.
Olib borilayotgan nazorat reyd tadbirlari natijasida Qashqadaryo viloyatida moratoriy tasdiqlangan sanadan bugungi kunga qadar Qashqadaryo daryosi o‘zanidan noqonuniy qum-shag‘al materiallarini qazib olish bilan bog‘liq 8 ta holat aniqlangan bo‘lib, huquqbuzarlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartiblarga asosan, jami 27 mln 100 ming so‘m miqdorda jarima qo‘llanilgan.
O‘z navbatida, olib borilayotgan reyd tadbiri jarayonlari va natijalari haqida “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi o‘zining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida muntazam ravishda yoritib kelmoqda.
Ta’kidlash joizki, “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida Qashqadaryo daryosi o‘zanini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish huquqi uchun imzolangan barcha shartnomalar bekor qilinib, o‘zan tozalash ishlari to‘xtatilgan.
Yuqorida qayd etilgan daryolarda noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy e’lon qilingani sababli, daryolarda qum-shag‘al materiallarini qazib olish bilan shug‘ullanuvchi barcha tadbirkorlik subyektlariga Farmonda belgilangan muddatdan keyin ushbu hududda o‘zan tozalash bilan bog‘liq ish faoliyati noqonuniy hisoblanishi hamda Farmon bilan moratoriy davrida daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llanilishi belgilab qo‘yilganligi haqida ogohlantirish xatlari berilgan va bu borada ommaviy axborot vositalari orqali ham keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.
Shu bilan birga, nazorat reyd tadbirlari daryo o‘zanidagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan barcha viloyatlarida davom etayotganligini ma’lum qilamiz.