Viloyatlarda monitoring o‘lchov ishlari boshlandi

20/02/2024

2024-yilning 20-fevral kuni “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida daryo o‘zanini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish ishlari loyihasini amalga oshirish huquqi to‘g‘risida imzolangan shartnomalarning “Kalendar grafigi”ga asosan fevral oyida o‘zan tozalash jarayonida qazib olingan qum-shag‘al materiallari hajmini o‘lchov ishlari va o‘zan tozalash jarayoni monitoringi amalga oshirilmoqda.

Ushbu tadbirlarga, “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi viloyat boshqarmalari, Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hududiy bo‘linmalari mas’ul hodimlari jalb qilinib, ular tomonidan Navoiy, Sirdaryo, Namangan, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlaridagi uchastkalarda daryo o‘zanlarini tozalash ishlari bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyati o‘rganilmoqda.

Jumladan, tadbirkorlik subyektlariga biriktirilgan uchastkalarda  shartnomaning “kalendar grafigi”da belgilangan 2024-yil fevral oyida o‘zan tozalash jarayonida qazib olingan qum-shag‘al materiallari hajmi o‘lchanib, tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilmoqda.

Uchastkalarda nazorat o‘lchov ishlarini olib borish jarayonida tadbirkorlik subyektlarining faoliyati ham o‘rganilib, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan tadbirkorlik subyektlariga mutaxassislar tomonidan loyiha hujjatlari va davlat ekologik ekspertiza xulosasi talablariga rioya etgan holda o‘zan tozalash ishlarini olib borilishi yuzasidan ogohlantirish va ko‘rsatmalar berilmoqda.

Shu bilan birga tadbirkorlik subyektlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-son Farmoniga muvofiq, Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinganligi munosabati bilan 2024-yil 1-maydan boshlab moratoriy joriy qilingan daryolar o‘zanlarida qum-shag‘al materiallarini qazib olinishi qonunchilik hujjatlarida belgilangan javobgarlikni keltirib chiqarishi haqida ogohlantirilmoqda.