Naymansoy o‘zanining topoxaritasi tuzildi

15/01/2024

Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyat boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasining viloyat bo‘linmasi xodimlari hamkorligida Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani hududidan oqib o‘tuvchi Naymansoy tashlama o‘zanining 7,5 km qismida marksheyderlik tasvirlash ishlari amalga oshirildi.

O‘lchov jarayonida bugungi kunda o‘zan sathini doimiy nazorat qilib borish maqsadida qo‘zg‘almas reperlar o‘rnatilib, soy o‘zanining topoxaritasi shakllantirildi.

Soy o‘zanidan kelgusida noqonuniy noruda materiallari qazib olingan hollarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-noyabrdagi 666-son qarori bilan tasdiqlangan “Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibi to‘g‘risida” nizom talablaridan kelib chiqib, tabiatga yetkazilgan zararni aniq hisoblash imkoni yaratildi.

Xavfsiz daryo boshqarmasi amaldagi qonunchilik talablarini chetlab o‘tib, daryolar o‘zanlarida noqonuniy ravishda qum-shag‘al materillarini qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan jazo choralarini qo‘llanilishi muqarrarligini yana bir bor eslatib o‘tadi.