Sirdaryoda tungi reyd tadbiri o‘tkazildi

28/06/2024

2024-yilning 26-iyun kuni “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi  Sirdaryo viloyati bo‘linmasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida viloyat hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosi o‘zanidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al materiallarini qazib olish holatlarini oldini olishga qaratilgan tungi nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi.

Reyd tadbiri davomida, Sirdaryo tumani “Sohil” SIU hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosi qirg‘oqbo‘yi mintaqasida 4 nafar fuqaro tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan texnikalar yordamida noqonuniy ravishda qum-shag‘al materiallarini qazib olayotganligi aniqlandi.

Aniqlangan holat yuzasidan qonuniy ravishda jazo qo‘llash maqsadida, huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 70-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 15 barobari ya’ni 5 100 000 so‘mdan, jami 20 400 000 so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-noyabrdagi 666-son qaroriga muvofiq, tabiiy obyektlarga yetkazilgan zarar 2 844 800 so‘mni tashkil etilganligi aniqlandi.

Yuqoridagi kabi nazorat reyd tadbirlari tezkor guruh tomonidan Respublikamizning qolgan viloyatlarida ham olib borilmoqda.