Yaroqsiz holga kelib qolgan qoziqlar yangilandi

15/01/2024

Joriy yilning 12-yanvar kuni “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi Toshkent viloyat bo‘linmasi xodimlari tashabbusi bilan Yuqorichirchiq tumani hududidan oqib o‘tuvchi Qorasuv daryosining o‘zanini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish huquqini qo‘lga kiritgan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatlari monitoring qilindi.

Xususan, o‘rganish jarayonida “CHIRCHIQ SHAG‘AL SARALASH” mas’uliyati cheklangan jamiyatining faoliyat olib borish jarayonida loyiha hujjatlari va davlat ekologik ekspertizasi xulosasi talablariga rioya etilishi, shuningdek, uchastkalarning texnik ko‘rsatkichlarini ko‘rsatuvchi bannerlar hamda tozalanishi lozim bo‘lgan uchastkaning chegara nuqtalariga qo‘zg‘almas beton qoziqlarning o‘rnatilganligiga alohida e’tibor qaratildi.

Jarayon davomida, toshqin mavsumida Qorasuv daryosi o‘zanida suv sathining ko‘tarilishi oqibatida 12 dan ziyod yuvilgan hamda jabrlangan beton qoziqlar qayta o‘rnatilib, o‘zan tozalash ishlari olib borilayotgan uchastkalarda bannerlar yangilandi.

Qolgan hududlarda ham tadbirkorlik subyektlari tomonidan qoziq va bannerlarni mavsum oldidan ishchi holatga keltirish ishlari davom etmoqda.