Turkiya Respublikasida daryo va soy o‘zanlarini tozlash hamda qum-shag‘al materiallarini qazib olishni huquqiy amaliy mexanizmlari
22/01/2026
Qurilish va infratuzilma sohalarida qum-shag‘al materiallariga bo‘lgan talabning ortib borishi ushbu tabiiy resurslardan foydalanishni qat’iy huquqiy tartibga solishni taqozo etadi. Daryo va soy o‘zanlaridan qum-shag‘al qazib olish ekologik muvozanatga bevosita ta’sir ko‘rsatishi sababli, rivojlangan davlatlarda ham mazkur faoliyat davlat nazorati ostida amalga oshiriladi. Turkiya Respublikasi ushbu yo‘nalishda markazlashgan boshqaruv, ochiq auksion mexanizmi va ekologik baholash tizimini joriy etgan mamlakatlardan biri hisoblanadi.
Qum-shag‘al qazib olishning huquqiy asoslari
Turkiyada qum-shag‘al qazib olish faoliyati bir qator normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Avvalo, Turkiya Respublikasi Konstitutsiyasi (Türkiye Cumhuriyeti Anayasası)ga muvofiq, yer osti va tabiiy resurslar davlat tasarrufida bo‘lib, ulardan foydalanish faqat qonun asosida amalga oshiriladi.
Mazkur sohadagi asosiy maxsus hujjat — Qazilmalar to‘g‘risidagi qonun №3213 (Maden Kanunu No: 3213) hisoblanadi. Ushbu qonunga muvofiq, qum va shag‘al foydali qazilmalar sifatida e’tirof etilib, I guruh (I a) foydali qazilmalar (I. Grup madenler) toifasiga kiritilgan. Qonunda daryo va soy o‘zanlarida joylashgan qum-shag‘al zahiralari ham iqtisodiy qiymatga ega tabiiy resurs sifatida belgilangan.
Qonun normalarini amaliyotga tatbiq etish Qazilmalar bo‘yicha nizom (Maden Yönetmeliği) hamda boshqa tegishli normativ hujjatlar orqali ta’minlanadi. Shuningdek, Atrof-muhit to‘g‘risidagi qonun (Çevre Kanunu No: 2872) va unga muvofiq Atrof-muhitga ta’sirni baholash tartibi (Çevresel Etki Değerlendirmesi – ÇED) qazib olishdan oldin ekologik xulosa olishni majburiy etib belgilaydi.
Vakolatli davlat organlari va ularning funksiyalari
Qum-shag‘al qazib olish jarayonida bir nechta davlat organlari ishtirok etadi. Asosiy vakolat Qazilmalar va neft ishlari bosh boshqarmasi (Maden ve Petrol İşleri Genel Müdürlüğü – MAPEG) zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, mazkur idora qazib olish uchun ruxsatnomalar berish, litsenziyalarni yuritish, hududiy reyestrni shakllantirish hamda davlat nazoratini amalga oshiradi.
Energetika va tabiiy resurslar vazirligi (Enerji ve Tabii Kaynaklar Bakanlığı) soha bo‘yicha davlat siyosatini belgilaydi va MAPEG faoliyati ustidan umumiy nazoratni olib boradi.
Atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vazirligi (Çevre, Şehircilik ve İklim Değişikliği Bakanlığı) ekologik baholash, ÇED xulosalari hamda atrof-muhitga oid ruxsatnomalarni berish vakolatiga ega.
Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat organlari (Yerel idareler) yer ajratish, transport infratuzilmasidan foydalanish, o‘rmon va maxsus hududlar bo‘yicha qo‘shimcha roziliklarni rasmiylashtiradi.
Qum-shag‘al qazib olishning bosqichma-bosqich amaliy tartibi
Turkiyada bitta tadbirkor yoki kompaniya tomonidan daryo yoki soy o‘zanidan qum-shag‘al qazib olish quyidagi ketma-ket bosqichlarda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda ariza beruvchi Turkiya Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxs (Tüzel kişi) maqomiga ega bo‘lishi lozim.
Ikkinchi bosqichda ariza elektron qazilmalar tizimi (e-Maden sistemi) orqali taqdim etiladi. Arizada qazib olish hududining koordinatalari, texnik loyiha hamda kompaniya to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Uchinchi bosqichda qum-shag‘al maydonlari, ayniqsa I guruh foydali qazilmalar bo‘yicha, aksariyat hollarda ochiq savdo (ihale – auksion) asosida ajratiladi. Davlat tomonidan e’lon qilingan savdoda eng yuqori taklifni bergan ishtirokchi qazib olish huquqini qo‘lga kiritadi.
To‘rtinchi bosqichda auksion g‘olibiga ishlab chiqarish litsenziyasi (İşletme ruhsatı) beriladi. Ushbu hujjat qazib olish huquqining asosiy huquqiy asosi hisoblanadi.
Keyingi bosqichda, agar faoliyat ekologik xavf tug‘dirsa, ÇED ijobiy xulosasi (ÇED olumlu kararı) olinadi. Ayrim hududlarda o‘rmon fondi yoki maxsus zonalarga taalluqli bo‘lsa, tegishli idoralarning qo‘shimcha ruxsatnomalari talab etiladi.
Yakuniy bosqichda barcha ruxsatlar olingandan so‘ng qazib olish ishlari boshlanadi va jarayon MAPEG hamda ekologiya organlari tomonidan doimiy nazorat qilinadi.
Ekologik nazorat va javobgarlik choralari. Turkiya qonunchiligiga muvofiq, qum-shag‘al qazib olish jarayonida ekologik talablarga qat’iy rioya etilishi shart. Tegishli ruxsatnoma yoki ÇED xulosasisiz amalga oshirilgan faoliyat uchun ma’muriy jarimalar, texnika va qazib olingan mahsulotni musodara qilish hamda berilgan litsenziyani bekor qilish kabi javobgarlik choralari qo‘llaniladi.
Xulosa
Turkiya tajribasi daryo va soy o‘zanlaridan qum-shag‘al qazib olish faoliyatini markazlashgan davlat boshqaruvi, ochiq auksion mexanizmi va kuchli ekologik nazorat orqali samarali tartibga solish mumkinligini ko‘rsatadi. MAPEG tomonidan amalga oshiriladigan litsenziyalash tizimi va majburiy ÇED talablari tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda ekologik muvozanatni saqlashga xizmat qiladi.