Hududlarda davlat ekologik ekspertizasi xulosasi talablari amalda
08/01/2024
Joriy yilning 3-6 yanvar kunlari Andijon va Surxondaryo viloyatlari Prokuraturasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining viloyat boshqarmalari inspektorlari hamda “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi viloyat bo‘linmasi xodimlari ishtirokida Andijon va Surxondaryo viloyatlari hududidan oqib o‘tuvchi daryo va soylar o‘zanini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish huquqini qo‘lga kiritgan tadbirkorlik subyektlarining faoliyati monitoring qilindi.
Xususan, o‘rganish jarayonida tadbirkorlik subyektlari faoliyatida loyiha hujjatlari va davlat ekologik ekspertizasi xulosasi talablariga rioya etilishi, shuningdek, uchastkalarning texnik ko‘rsatkichlarini ko‘rsatuvchi bannerlar hamda tozalanishi lozim bo‘lgan uchastkaning chegara nuqtalariga qo‘zg‘almas beton qoziqlarning o‘rnatilganligiga alohida e’tibor qaratildi.
Andijon viloyatida o‘tkazilgan monitoring jarayonida toshqin mavsumida daryo o‘zanida suv sathining ko‘tarilishi oqibatida 50 dan ziyod yuvilgan hamda jabrlangan beton qoziqlar qayta o‘rnatilib, o‘zan tozalash ishlari olib borilayotgan barcha uchastkalarda bannerlar yangilandi.
Shu bilan birga, o‘tgan yilda Surxondaryo viloyatida realizatsiya qilingan 7 ta uchastkada tozalanishi lozim bo‘lgan o‘zanning texnik parametrlarini aks ettiruvchi bannerlar o‘rnatildi. Barcha uchastkalarning burchak chegaralarini ko‘rsatuvchi beton qoziqlar to‘q ranglarga bo‘yalgan holda qayta ishchi holatga keltirildi.
Qolgan hududlarda ham tadbirkorlik subyektlari tomonidan qoziq va bannerlarni mavsum oldidan ishchi holatga keltirish ishlari davom etmoqda.