Amudaryo daryosi o‘zanidagi uchastkalarga ham nazorat kuzatuv kameralari o‘rnatilmoqda
13/03/2024
So‘nggi vaqtlarda daryo o‘zanlaridan ayrim fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al materiallarini qazib olish hamda daryo o‘zanlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish huquqini qo‘lga kiritgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘ziga biriktirilgan uchastka chegaralaridan tashqarida faoliyat olib borish holatlari kuzatilmoqda.
Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish hamda daryo o‘zanlarini tozalash ishlarini loyiha hujjatlari va davlat ekologik ekspertiza xulosasi talablariga rioya etgan holda faoliyat olib borilishini ta’minlash maqsadida, “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi tomonidan barcha tadbirkorlik subyektlariga biriktirilgan uchastkaga kirib-chiqish yo‘llarida 360 darajada tasvirga olish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri masofadan kuzatish imkonini beruvchi kameralar o‘rnatish talabi yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur talab ijrosini ta’minlash maqsadida, Xorazm viloyati Urganch tumani “Cholish” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Amudaryo daryosi o‘zanidagi uchastkada daryo o‘zanini tozalash jarayonida to‘planib qolgan qum-shag‘al materiallarini qazib olish huquqini qo‘lga kiritgan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini nazorat qilish uchun uchastkaning kirib-chiqish yo‘llariga nazorat kuzatuv kameralari va tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi.
“Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi hududiy bo‘linmalari tomonidan Respublikaning barcha viloyatlari hududidan oqib o‘tuvchi daryo va soylar o‘zanlaridagi tadbirkorlik subyektlariga biriktirilgan uchastkalarning kirib-chiqish yo‘llariga ham yuqorida qayd etilgan parametrdagi nazorat kuzatuv moslamalarini o‘rnatilishi ishlarini tashkillashtirish davom etmoqda.