Norin daryosi qirg‘oqlari maishiy chiqindilardan tozalandi

06/01/2024

Norin daryosi o‘zanini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish huquqi uchun “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi hamda “JIYDAKAPA KARER SERVIS” MChJ va “NAMANGAN TEMIR BETON BUYUMLARI ZAVODI” MChJ bilan 2023-yil may oyida shartnoma imzolangan.

Mazkur shartnomalarga ko‘ra tadbirkorlik subyektlariga Namangan viloyati Uychi tumani “Jiydakapa” QFY hududidan oqib o‘tuvchi Norin daryosi o‘zanidagi 1- va 2-uchastkalar ajratilgan.

Norin daryosi o‘zanini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkorlar tomonidan e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilishi natijasida uchastkalar hududiga mahalliy aholi tomonidan qurilish va maishiy chiqindilar to‘kib kelingan.

Natijada tozalanishi lozim bo‘lgan o‘zanning qirg‘oq bo‘yi mintaqalarida qurilish va maishiy chiqindi uyumlari paydo bo‘lgan.

2024-yilning 5-yanvar kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi Namangan viloyati boshqarmasi inspektorlari hamda “Xavfsiz daryo boshqarmasi” DM Namangan viloyati bo‘linmasi mutaxassislari hamkorligida tadbirkorlik subyektlarining texnikalarini jalb qilgan holda chiqindilar hududdan olib chiqib ketildi.