Yo‘l bilan bog‘liq muammolar o‘z yechimini topmoqda
17/01/2024
Andijon viloyati Baliqchi tumani hududidan oqib o‘tuvchi Qoradaryo daryosida o‘zan tozalash ishlariga jalb qilingan bir nechta tadbirkorlik subyektlari uchastkalarga olib boruvchi yo‘lni yopib qo‘yilganligi xususida Andijon viloyati prokuraturasiga murojaat qilishgan.
Joriy yilning 16-yanvar kuni Andijon viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i O.G‘ulomov va Xavfsiz daryo boshqarmasining Andijon viloyati bo‘linmasi boshlig‘i A.To‘raxonov ishtirokida tadbirkorlarni qiynayotgan muammo bevosita joyida o‘rganildi.
Aniqlanishicha, auksion savdolari orqali o‘zan tozalash ishlariga jalb qilingan “Baliqchilik Al-Mansur” MChJ, “Chin Bio Metal” XK, “Baliqchi Agromaks” MChJ, “Chinobod Stroy 555” MChJ va “Xitachi Xizmati” MChJlarga biriktirilgan uchastkalarga olib boruvchi Andijon viloyatining M-412 Katta Avtomagistral yo‘li va umumiy foydalanishdagi daryoning inspektorlik yo‘li tuman hokimligining tashabbusi bilan to‘silganligi bois, mazkur tadbirkorlik subyektlarining faoliyati to‘xtab qolgan.
Yuzaga kelgan muammoga yechim topish maqsadida, viloyati prokuraturasida Baliqchi tumani hokimligi tomonidan uchastkalarga olib boruvchi yo‘llarni yopilish sabablari o‘rganilib, tuman hokimligiga yopilgan yo‘llarni ochib qo‘yish bo‘yicha taqdimnoma kiritish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish sohasida qonunchilik talablarini bajarilishi hamda tadbirkorlarning muammosini bartaraf etilishi viloyat prokuraturasining nazoratiga olindi.