Andijon viloyati hududidan oqib o‘tuvchi daryo va soylar toshqin suvlariga tayyorligi o‘rganildi.

11/12/2023

Joriy yilning 5-7-dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi Andijon viloyati bo‘linmasi hamda viloyat ishchi guruh xodimlari hamkorligida Andijon viloyati hududidan oqib o‘tuvchi daryo va soylar o‘zanini tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining faoliyati o‘rganildi.

Jumladan, auksion savdolarida g‘olib deb topilgan tadbirkorlik subyektlarining daryo va soylar o‘zanlarida qum-shag‘al materiallarini qazib olish ishlarini olib borish davomida loyiha hujjatlari parametrlari, davlat ekologik ekspertiza xulosasi talablari hamda “Xavfsiz daryo boshqarmasi” DM va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida imzolangan shartnoma shartlaridan chetga chiqmagan holda faoliyat olib borilishi mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqildi.

O‘rganish davomida o‘zan tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish ishlariga jalb etilgan tadbirkorlik subyektlariga loyihaning maqsadi, loyiha parametrlariga mos ravishda talveg tashkil qilish va shu bilan birga suv toshqini mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sel oqimlarini daryo yoki soydan talofatsiz o‘tkazish, qirg‘oqlar yuvilishini hamda qirg‘oqqa yaqin joylashgan hududlarni, aholi punktlarini, ijtimoiy va boshqa obyektlarni suv bosishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarni oldini olish kerakligi tushuntirildi. Tadbirkorlik subyektlariga daryo yoki soy o‘zani tozalanib talveg hosil qilingandan so‘ng qirg‘oq mustahkamlash ishlarini olib borish lozimligi yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.