Viloyatlarda tadbirkorlik subyektlari tomonidan olib borilayotgan faoliyatlar nazorat qilindi
24/11/2025
Joriy yilning 23-noyabr kunlari "Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish" davlat muassasasi boshlig‘i R.Sharopov rahbarligida hamda muassasaning Navoiy viloyati bo‘linmalarining mas’ul xodimlari ishtirokida viloyat hududidan oqib o‘tuvchi daryolar va soylar o‘zanlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatlarini o‘rganish ishlari olib borildi.
Xususan o‘rganish davomida, Navbahor tumani “Mirzo Ulug‘bek” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Nomsiz soy o‘zanidagi “Imkon Premium Avto Oil” MChJ ga biriktirilgan uchastkalarda tadbirkorlik subyektlari tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar atroflicha ko‘zdan kechirildi. Uchastkalarda faoliyat olib borish jarayonida loyiha hujjatlariga, davlat ekologik ekspertiza xulosasi talablariga va shartnomada ko‘rsatilgan me’yorlarga amal qilinayotganligi nazorat qilindi.
Mazkur o‘rganishlarning asosiy maqsadi nafaqat daryo va soy o‘zanlarida amalga oshirilayotgan qum-shag‘al materiallarini qazib olish jarayonlarini nazorat qilish, balki ushbu faoliyatning hududiy suv xo‘jaligi barqarorligiga, ekologik muhitga va infratuzilmaga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’sirini har tomonlama baholashdan iboratdir.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan yer osti boyliklaridan foydalanishda davlat tomonidan belgilangan me’yor va talablarning to‘liq bajarilishini ta’minlash, suv obyektlarining tabiiy o‘zanlarini saqlab qolish, eroziya va o‘zanlarning o‘zgarishiga olib keluvchi noqonuniy yoki texnologik talabga zid harakatlarning oldini olish ham asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi.
Ushbu o‘rganishlar orqali suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy etish jarayonida ochiqlik, shaffoflik, resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlik tamoyillarini mustahkamlash ham ko‘zda tutilgan.