Suv fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari muhokama markazida

16/06/2026

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi “Suv xo‘jaligi sohasida bozor mexanizmlarini keng joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 99-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, suv fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, sohada tenglik, va bozor tamoyillariga asoslangan ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish orqali qo‘shimcha iqtisodiy samara yaratish hamda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish maqsadida respublika hududlarida ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazilmoqda.

 Navbatdagi ko‘rgazmali seminar Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etildi.

 Tadbirda “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi rahbari Ravshan Sharopov, “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi boshlig‘i Rustam Rahimov, shuningdek, suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari, soha mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari vakillari va suv iste’molchilari ishtirok etdilar.

Seminar davomida Farmonda belgilangan vazifalarni hududlarda samarali amalga oshirish, suv xo‘jaligi sohasiga bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.


 Tadbirning amaliy qismida mutaxassislar hamda seminar ishtirokchilari daryo bo‘yi va muhofaza mintaqasi zonalarida dam olish maskanlari hamda plyaj zonalarini tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalar bilan tanishdilar. Ushbu yondashuv yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanishni kengaytirish hamda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.