Surxondaryo viloyatida jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi
08/01/2024
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentyabrdagi 541-son qarori bilan tasdiqlangan “Atrof muhitga ta’sirni baholash loyihalarini jamoatchilik eshituvlaridan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablaridan kelib chiqib, 2024-yil 5-yanvar kuni “Xo‘jasoat” MFY ma’muriy binosida Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani “Xo‘jasoat” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Vaxshivorsoy soyi o‘zanidagi uzunligi 1900 metr, eni 40 metr bo‘lgan uchastkada to‘planib qolgan qum-shag‘al materiallaridan tozalash loyihasini muhokama qilish maqsadida jamoatchilik eshituvi tashkil qilindi.
Jamoatchilik eshituvida sohaga taalluqli idoralar va tashkilotlar hamda tozalanishi lozim bo‘lgan hudud yaqinida istiqomat qiluvchi aholi vakillari qatnashdilar.
O‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida, Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani “Xo‘jasoat” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Vaxshivorsoy soyi o‘zanidagi uchastkada daryo o‘zanini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish loyihasini amalga oshirish zarurati va unga tegishli bo‘lgan hujjatlarning mazmun-mohiyati yig‘ilganlarga tushuntirildi.
O‘z navbatida, eshituvda ishtirok etgan “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi Surxondaryo bo‘linmasi boshlig‘i G‘.Abdurahmonov mazkur loyihaning maqsadi etib suv toshqini mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sel oqimlarini Vaxshivorsoy soyidan talofatsiz o‘tkazish, qirg‘oqlar yuvilishini hamda qirg‘oqqa yaqin joylashgan hududlarni, aholi punktlarini, ijtimoiy va boshqa infratuzilma obyektlarini suv bosishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarni oldini olishga qaratilganligini ta’kidlab o‘tdi.
O‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida yig‘ilganlar ko‘zlanayotgan o‘zan tozalash ishlarini to‘liq qo‘llab-quvvatladilar. Jamoatchilik eshituvi yakuni yuzasidan rasmiylashtirilgan bayonnoma xulosa olish uchun davlat ekologik ekspertiza markaziga taqdim etiladi.