Qashqadaryo daryosi o‘zaniga zarar yetkazilishining oldi olindi
04/03/2024
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-14-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi boshchiligida mutasaddi vazirlik va idoralarning xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruhlar tuzilib, moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralarini belgilash ishlariga kirishilgan edi.
Qashqadaryo daryosi o‘zanini o‘rganish jarayonida boshqarma xodimlari tomonidan Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani “Hilol” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosining qirg‘oqbo‘yi mintaqasidan ayrim fuqarolar hech qanday ruxsatnomalarsiz shaxsiy texnikalari yordamida qum-shag‘al materiallarini noqonuniy ravishda qazib olish holati aniqlandi.
Huquqbuzarlarga nisbatan chora ko‘rish uchun Ekologik nazorat inspeksiyasi va Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan 1 ta “DOOSAN” rusumli ekskavator va 1 ta “KAMAZ” rusumli yuk tashish texnikalari vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Tabiatga yetkazilgan zararni aniqlash maqsadida Ekologik nazorat inspeksiyasining marksheyderi tomonidan o‘lchov ishlari o‘tkazilib, uning natijasi bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.