Uchastka topshirish-qabul qilish ishlari olib borildi
12/11/2025
“Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasi xodimlari ishtirokida uchastka topshirish-qabul qilish ishlari olib borildi.
Xususan, “E-AUKSION” elektron savdo platformasining bayonnomasiga asosan, “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi va "Beton Klass Savdo" mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani “Shoshbuloq” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Qoradaryo daryosi o‘zanidagi 4 - va 5-sonli uchastkalarda o‘zan tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish ishlari loyihasini amalga oshirish huquqi uchun shartnoma imzolandi.
O‘z navbatida, mutaxassislar tomonidan tadbirkorlik subyekti rahbariga uchastkada faoliyat olib borish jarayonida loyiha hujjatlari va davlat ekologik ekspertiza xulosasi talablariga rioya qilish hamda shartnomada ko‘rsatilgan me’yorlardan chetga chiqmaslik to‘g‘risida tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Realizatsiya qilingan uchastkaning chegaralari va muhofaza mintaqasi hududlari tadbirkorga ko‘rsatilib, uchastkaning chegara nuqtalariga qo‘zg‘almas beton qoziqlar hamda loyiha parametrlarini o‘zida aks ettiruvchi bannerlarni o‘rnatish ishlari olib borildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi —daryo o‘zanlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish ishlarini texnik va ekologik talablarga muvofiq holda amalga oshirib, faoliyatni tizimli tashkil etishdan iboratdir.