Andijonda tadbirkorlar tomonidan daryoning yemirilayotgan qirg‘og‘i mustahkamlanib xavf bartaraf etildi

04/06/2024

Sel-suv toshqini mavsumida daryo irmoqlaridan sel suvlarining qo‘shilishi natijasida suv sathi ko‘tarilib, Qoradaryo daryosining Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani “Yortiboshi” MFY hududidan o‘tuvchi qismida oqim bo‘ylab chap qirg‘og‘i 50 metr masofada yemirilishi holati kuzatildi.

Aniqlangan holat yuzasidan viloyat hokimligi hamda sohaga aloqador idora va tashkilotlar mutaxassislaridan tashkil topgan ishchi guruh tuzilib, daryoning yemirilayotgan qismini zudlik bilan mustahkamlash orqali, daryo qirg‘og‘iga yaqin joylashgan aholi xo‘jaliklarini himoya qilish uchun qirg‘oq mustahkamlash ishlarini bajarilishi lozimligi belgilandi.

Mazkur tadbirlarni bajarishga, Andijon viloyati hududidan oqib o‘tuvchi daryo (soy)lar o‘zanini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish huquqi bo‘yicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi huzuridagi “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi bilan shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarining ishchi kuchi, texnika va mexanizmlari keng jalb etildi.

Amalga oshirilgan qirg‘oq mustahkamlash ishlari natijasida daryoning yemirilayotgan qirg‘og‘i harsang toshlar bilan mustahkamlanib, yuzaga kelgan xavf bartaraf etildi.