Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlari: Andijon tajribasi va ustuvor vazifalar
09/06/2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi “Suv xo‘jaligi sohasida bozor mexanizmlarini keng joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 99-sonli Farmoniga muvofiq Suv fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, sohada tenglik, shaffoflik hamda bozor tamoyillariga asoslangan ilg‘or xorijiy tajribani joriy etgan holda suv fondi yerlaridan qo‘shimcha iqtisodiy samara olish va yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida respublika bo‘ylab suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha ko‘rgazmali seminarlari o‘tkazilmoqda. Ana shunday ko‘rgazmali seminar 9-iyun kuni Andijon viloyatida bo‘lib o‘tdi.
Unda Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Rustam Qarshiyev, “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi rahbari Ravshan Sharopov, “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi boshlig‘i Rustam Rahimov, shuningdek, suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari, mutaxassislar, fermerlar va suv iste’molchilari ishtirok etdi.
Seminar davomida Farmonda belgilangan vazifalar, jumladan, suv yetkazib berish xizmatlarini bozor tamoyillari asosida tashkil etish, suv xo‘jaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish amaliyotini kengaytirish, sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish hamda suv resurslarini hisobga olish va boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Seminarning amaliy qismida Oltinko‘l tumanida zovurlarni ko‘mish orqali qo‘shimcha yer maydonlarini shakllantirish tajribasi ko‘rib chiqildi. Mutaxassislar tomonidan mazkur yondashuv yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, yer maydonlarini kengaytirish hamda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Farmonida belgilangan vazifalarni joylarda samarali tashkil etish, sohada bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy qilish va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.