Farmon ijrosini ta‘minlash maqsadida viloyatlarda amaliy ishlar olib borilmoqda

12/02/2024

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvarda PF-14-son “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilingan boʻlib, mazkur Farmon bilan 2024-yil 1-maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilish belgilangan.

O‘z navbatida, yuqorida qayd etilgan daryolarda muddatsiz moratoriy e’lon qilingani sababli mazkur daryolarda faoliyat olib boruvchi tadbirkorlarga joriy yilning 1-may sanasidan qazish ishlarini to‘xtatilishi to‘g‘risida ogohlantirish berilgan holda keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Shu maqsadda, maratoriy joriy qilingan daryolar o‘zanlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish huquqini qo‘lga kiritgan tadbirkorlik subyektlari va “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi o‘rtalarida tuzilgan shartnomalarni 2024-yil 1-maydan bekor qilish to‘g‘risida kelishuvlar imzolanmoqda.

Bugungi kungacha moratoriy joriy etilayotgan daryolarda imzolangan shartnomalarning 32 tasini bekor qilish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan va qolgan shartnomalarni bekor qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

“Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi xodimlari tomonidan viloyat hududlaridan oqib o‘tuvchi Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlarini tozalash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga Farmonning mazmun-mohiyati hamda ijrosini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berilmoqda.

Shu bilan birga, moratoriy davrida daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zo‘nalaridan qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olingan taqdirda tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llanilishi qonun bilan belgilab qo‘yilgan.