Prezident farmoni ijrosi amalda
07/02/2024
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvarda PF-14-son “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilingan boʻlib, mazkur Farmon bilan 2024-yil 1-maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilish belgilangan.
Shu maqsadda, 5-fevral kuni joyiga chiqqan holda Chirchiq daryosi o‘zanida to‘planib qolgan qum-shag‘al materiallaridan tozalash ishlariga jalb qilingan tadbirkorlik subyektlariga farmonning mazmun-mohiyatini tushuntirish ishlari olib borildi.
Jumladan, Chirchiq daryosi o‘zanini qum-shag‘al materiallaridan tozalash ishlariga jalb qilingan 12 ta tadbirkorlarga 2024-yilning 1-may kunidan qazish ishlarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shu kunning o‘zida “Toshvilyo‘lsanoat” MChJ va Maxsus-muhandislik qurilish boshqarmalari bilan imzolangan uchta shartnomani 2024-yilning 1-may kunidan bekor qilish bo‘yicha qo‘shimcha kelishuvlar imzolandi.
Yuqoridagi kabi tadbirlar moratoriy e’lon qilingan qolgan daryolardagi tadbirkorlik subyektlari bilan ham amalga oshirilmoqda.