Tungi reyd natijasida tabiat kushandalari jazolandi
10/01/2024
2024-yil 8-yanvardan 9-yanvarga o‘tar kechasi “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi Samarqand viloyati bo‘linmasi xodimlari tomonidan Zarafshon daryosi o‘zanida nazorat reyd tadbiri tashkil etildi.
Reyd tadbiri davomida Samarqand viloyati Jomboy va Tayloq tumanlari kesishmasidagi “Navbahor” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi o‘zanida mazkur hududda istiqomat qiluvchi 5 nafar fuqarolar tomonidan o‘zlariga tegishli bo‘lgan ekskovatorlarda tegishli ruxsatnomalarsiz noqonuniy ravishda qum-shag‘al materiallarini qazib olayotganligi aniqlandi.
Aniqlangan holat bo‘yicha qonunchilikda begilangan choralarni ko‘rish maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Samarqand viloyati boshqarmasi Jomboy tumani bo‘limi inspektorlari jalb qilindi.
Ekologiya inspektorlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 701-moddasi “Daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzish” bandiga asosan huquqbuzarlardan 4 nafariga nisbatan ba’zaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, yana bir nafariga esa 10 baravari miqdorda, jami 44,2 mln so‘m jarima qo‘llanildi.