Parkent tumani hokimi bilan birgalikda hududdagi o‘zan tozalash ishlari o‘rganildi.
24/11/2023
Joriy yilning 24-noyabr kuni Parkent tumani hokimi Sh.Shoahmedov, Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokurori S.Xusayinovlar rahbarligi hamda “Xavfsiz daryo boshqarmasi” DM mas’ul xodimlari M.Muxamedov va N.Allabergenovlar ishtirokida tumanning “Boyqozon” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Parkentsoy soyida o‘zan tozalash ishlari o‘rganildi.
O‘rganish davomida asosiy e’tibor suv toshqini mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sel oqimlarini Parkentsoy soyidan talofatsiz o‘tkazish, qirg‘oqlar yuvilishini hamda qirg‘oqqa yaqin joylashgan hududlar, aholi punktlari, ijtimoiy va boshqa obyektlarni suv bosishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarni oldini olish tadbirlarini bajarishga qaratildi.
Jumladan, auksion savdolari orqali to‘planib qolgan qum-shag‘al materiallarini tozalash ishlariga jalb qilingan “CONSTRUCTION KARER PLYUS” MChJ va “OQAR DARYO PLYUS” MChJlari tomonidan bugungi kungacha o‘zanning 2690 metr qismida bajarilgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
O‘rganish davomida tuman hokimi o‘zanning tozalangan qismida uyilgan harsang toshlarni qirg‘oqni mustahkamlash maqsadida tartibli ravishda qirg‘oqqa joylashtirish hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qirg‘oq bo‘yi mintaqada 4000 dona ko‘chat ekish bo‘yicha o‘z tavsiyasini berdi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga uchastkani sel-toshqin mavsumiga tayyorlash maqsadida o‘zan tozalash ishlarini loyiha hujjatlari va ekologik ekspertiza xulosasi talablari asosida yakunlash zarurligi tushuntirildi.
Jamiyat rahbarlari bir hafta muddatda berilgan tavsiyalarni amalga oshirish va ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rishlarini bildirishdi.