Qashqadaryo daryosi o‘zaniga zarar yetkazish holatiga barham berildi
28/02/2024
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-14-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Xavfsiz daryo boshqarmasi boshchiligida tegishli vazirlik va idoralarning xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tuzilib, moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralarini belgilash ishlariga kirishilgan edi.
Qashqadaryo daryosi o‘zanini o‘rganish jarayonida boshqarma xodimlari tomonidan Qarshi tumani “Xonobod” MFY hududidan oqib o’tuvchi Qashqadaryo daryosining qirg‘oq bo‘yi mintaqasidan hech qanday ruxsatnomalarsiz o’ziga tegishli bo’lgan texnikalari yordamida qum-shag’al materiallarini noqonuniy ravishda qazib olish holati aniqlandi.
Huquqbuzarlarga nisbatan chora ko‘rish maqsadida Ekologik nazorat inspeksiyasi va Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari jalb qilinib, noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan 2 ta “Kamaz” va 1 ta “HOWO” rusumli yuk tashuvchi texnikalar vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Noruda materiallarini noqonuniy ravishda yuk mashinalariga yuklayotgan maxsus yer qazish texnikasi mexanigi voqea joyidan yashiringanligi sababli uning shaxsiga oydinlik kiritish uchun milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari jalb qilindi.
Tabiatga yetkazilgan zararni aniqlash maqsadida Ekologik nazorat inspeksiyasining marksheyderi tomonidan o‘lchov ishlari o‘tkazilib, uning natijasi bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.