Raqamlashtirish – 2024-yilda ustuvor vazifa
11/01/2024
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2023-yilning 20-dekabr sanasida tarmoq va hududlarda axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Hukumat hujjatlari bilan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilishda raqamlashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda joriy yilning 11-yanvar kuni vazirlikning Situatsion markazida “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi tomonidan sohadagi raqamlashtirishning joriy holati, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etishning puxta asoslangan takliflari, shuningdek, 2024-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimotda boshqarma faoliyatida raqamlashtirishning bugungi kundagi holati, daryolar o‘zanlarini to‘planib qolgan qum-shag‘al materiallaridan tozalash ishlarini monitoring qilish yo‘nalishida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llashda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Jumladan, joriy yildan boshlab O‘zbekkosmos agentligi bilan noqonuniy ravishda noruda materiallarni kavlab olishni oldini olish, haqiqatda qazib olingan qum-shag‘al materiallari hajmini o‘lchash hamda onlayn kuzatuv imkonini beruvchi videokuzatuv vositalarini o‘rnatish masalasi vazirlik mutaxassislarining qiziqishini uyg‘otdi.
Shuningdek, taqdimot so‘ngida har bir tozalanishi lozim bo‘lgan uchastkaga tutash bo‘lgan hududlarda va daryolar qirg‘oqlarida o‘zan tozalash ishlariga jalb qilingan tadbirkorlik subyektlari tomonidan kamida 2000 tup manzarali ko‘chatlarni ekish va kelgusi uch yilda parvarishlab berishga alohida ahamiyat qaratish bo‘yicha vazirlik rahbariyati topshirig‘i olindi.