Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida noqonuniy qum-shag‘al qazish faoliyatiga chek qo‘yildi
08/01/2024
2024-yilning 5-6 yanvar kunlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Navoiy va Sirdaryo viloyati boshqarmalari hamda “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi hududiy bo‘linmalari hamkorligida noqonuniy qum-shag‘al materiallarini qazib olish holatlarini oldini olishga qaratilgan nazorat reyd tadbirlari olib borildi.
Reyd davomida Navoiy viloyati Navbahor tumani “Qiziltepa” MFY hududidan oqib o‘tuvchi soy o‘zanida fuqaro Sh.G‘. tomonidan o‘z boshqaruvidagi ekskovatorda hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda qum-shag‘al materiallari qazib olishni boshlayotganligi aniqlandi.
Fuqaroga qum-shag‘al materiallarini qazib olish faoliyatini qonuniy ravishda amalga oshirish imkoni mavjudligi ogohlantirildi, ya’ni “E-AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali daryo o‘zanini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish loyihasini amalga oshirish huquqini qo‘lga kiritgan holda faoliyat olib borish mumkinligi to‘g‘risida tavsiyalar berildi.
Shuningdek, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi Sirdaryo viloyati bo‘linmasi tomonidan Guliston tumani “O‘zbekiston” SIU hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosi o‘zanidagi uchastkaning muhofaza mintaqasida hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda qum-shag‘al mahsulotini ortish bilan shug‘ullanayotgan 4 nafar fuqaro aniqlandi.
Holat bo‘yicha huquqbuzarlarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanildi.
Shu kabi qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olinishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida boshqa hududlarda ham daryolar o‘zanlari doimiy nazoratga olingan.