Zarafshon daryosi o‘zanida olib borilayotgan noqonuniy faoliyatga barham berildi
06/08/2024
2024-yilning 30-31-iyul kuni “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi Samarqand viloyati bo‘linmasi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida tuzilgan tezkor guruh tomonidan viloyat hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi o‘zanidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al materiallarini qazib olish holatlarini oldini olishga qaratilgan nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi.
Reyd tadbiri davomida, Urgut va Bulung‘ur tumanlari kesishmasidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi o‘zanidan fuqarolar Sh.J.va T.S tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan ekskavator hamda yuk tashish texnikalari yordamida noqonuniy ravishda hech qanday ruxsatnomalarsiz qum-shag‘al materiallarini olayotganligi aniqlandi.
Aniqlangan holat yuzasidan qonuniy ravishda jazo ta’sir chorasini qo‘llash maqsadida, texnikalar jarima maydoniga joylashtirilib, ekskavator xaydovchisiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 70-1-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 30 barobari ya'ni 10 200 000,00 so‘m miqdorida, yuk mashinasi xaydovchisi esa bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida jarimaga tortildi.
Shuningdek, o‘rganishlar natijasida huquqbuzarlarning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-noyabrdagi 666-son qaroriga muvofiq, tabiiy obyektlarga yetkazilgan zarari 59 861 760 so‘mni tashkil etilganligi aniqlandi.
Shu bilan birga, joriy yilning 2-avgustdan 3-avgustga o‘tar kechasi Toyloq tumanida olib borilgan tungi reyd tadbiri davomida Toyloq tumani “Navbahor” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi muhofaza qirg‘oqlaridan shu hududda istiqomat qiluvchi fuqaro R.M. hech qanday ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan holda noqonuniy ravishda qum-shag‘al materiallarini qazib olinayotganligi aniqlangan.
Huquqbuzarlikni sodir etgan fuqaroga nisbatan qonuniy chora ko‘rish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 70-1-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida jarima qo‘llanildi