Surxondaryoda marketing ishlari amalga oshirildi

22/01/2024

“Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi tomonidan tozalanishi lozim bo‘lgan uchastkalarni “E-AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali realizatsiya qilish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Shu o‘rinda, “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi tomonidan o‘zan tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish ishlariga tadbirkorlik subyektlarini jalb etish uchun Davlat ekologik ekspertiza markazining ijobiy xulosasi olingan loyiha hujjatlari asosida uchastkalar “E-AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasiga joylashtirib kelinmoqda.

Shu kunga qadar, Surxondaryo viloyati hududidan oqib o‘tuvchi daryo va soylar o‘zanidagi uchastkalar “E-AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasiga joylashtirilgan bo‘lib, 2024-yilning 19-yanvar kuni Xavfsiz daryo boshqarmasi Surxondaryo viloyati bo‘linmasi tashabbusi bilan auksionda mavjud 25 ta uchastkani realizatsiya qilish maqsadida, joyga chiqqan holda marketing ishlari olib borildi.

Jumladan, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumani “Qorliq” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Oltinsoy daryosi o‘zanidagi uchastka “INERT STROY KLASS” MChJ ta’sischilari va vakillariga ushbu uchastka hududiga kirib chiqish yo‘llarini ko‘rsatgan holda, loyihadan ko‘zlangan maqsad hamda loyihani amalga oshirish huquqini qo‘lga kiritish tartibi bo‘yicha tegishli maslahat va tavsiyalar berildi.

Shu bilan birga, Surxondaryo viloyatining Denov tumani hududidan oqib o‘tuvchi Sinasoy soyi o‘zanidagi uchastkani realizatsiya qilish maqsadida, mazkur hududga yaqin joyda faoliyat yurituvchi qum-shag‘al materiallarini qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxonalar rahbarlariga mazkur uchastkani realizatsiya qilish orqali erishiladigan natija va kutilayotgan foyda, shuningdek, uchastkani realizatsiya qilish talablari haqida ma’lumot va izohlar berildi.

Kelgusida bu kabi ishlar viloyatning qolgan hududlarida ham tashkillashtirilishi ustuvor reja sifatida belgilab olindi.