Hisob palatasining ko‘rsatmasi e’tibor markazida.

21/12/2023

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2023-yil 24-avgustdagi P-194-sonli farmoyishiga asosan joriy yilning avgust-oktyabr oylarida “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun foydalanilgan ma’lumotlar bazasining ishonchliligini baholashdan o‘tkazish, budjet tizimi budjetlariga tushumlarning to‘liqliligini ta’minlash hamda yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan choralarni ijro etilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.

O‘rganish davomida tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim qilingan yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq hisobotlarida qazib olingan qum-shag‘al materiallarini hajmi bilan boshqarma ma’lumotlari solishtirilganda 47 ta holatda tafovut kelib chiqganligi aniqlangan.

Shuningdek, o‘rganish natijalariga ko‘ra daryolar o‘zanlarini tozalash loyihasi bo‘yicha auksion savdolarida sotilgan 125 ta lot bo‘yicha shartnoma shartini to‘liq bajarmagan tadbirkorlik subyektlaridan majburiyatlarni sud tartibida undirilmaganligi ham ko‘rsatilgan.

Palata tomonidan ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, soliq organlari bilan yuzaga kelgan tafovut natijasida to‘lanmagan to‘lovlarni va bajarilmagan majburiyatlarni boshqarma hisobiga undirish bo‘yicha talabnomalar tayyorlanib, qarzdor tadbirkorlarga yetkazildi.

Qonunchilikda belgilangan muddat davomida talabnomada ko‘rsatilgan mablag‘larni ixtiyoriy to‘lamagan tadbirkorlik subyektlaridan qarzdorlikni undirish bo‘yicha iqtisodiy sudlarga da’vo arizalari kiritiladi.