Sirdaryoda yana bir noqonuniy holat aniqlandi
02/07/2024
Xabaringiz bor “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi mutaxassis xodimlari tomonidan daryo va soylarning muhofaza qilingan hududlarida muntazam ravishda nazorat reyd tadbirlari olib borilmoqda.
Jumladan, 2024-yilning 29-iyun kuni “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi Sirdaryo viloyati bo‘linmasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida viloyat hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosi o‘zanidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al materiallarini qazib olish holatlarini oldini olishga qaratilgan nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi.
Reyd tadbiri davomida Guliston tumani hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosi qirg‘oqbo‘yi mintaqasida 4 nafar fuqaro tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan texnikalar yordamida noqonuniy ravishda qum-shag‘al materiallarini qazib olayotganligi aniqlandi.
Aniqlangan holat yuzasidan qonuniy ravishda jazo qo‘llash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksning 70-moddasiga asosan huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘rt nafar huquqbuzar jami 17000000 so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
Yuqoridagi kabi nazorat reyd tadbirlari tezkor guruh tomonidan Respublikamizning qolgan viloyatlarida ham olib borilmoqda.