Rasmiy munosabat

26/06/2024

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 1-may kunidan boshlab Chirchiq, Sirdaryo, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanidan qum-shag‘al materiallarini qazib olishga moratoriy e’lon qilinganliga qaramasdan hanuzgacha Navoiy viloyati Navbahor tumani Ijant qishlog‘i Qiziltepa MFY hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi o‘zanidan qum-shag‘al materiallarini qazib olish ishlari davom etayotganligi yoritilgan.

Yuqoridagi ko‘tarilgan masala yuzasidan “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi vakolati doirasida quyidagilarni ma’lum qiladi:

Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Navoiy viloyati boshqarmasining Ekologik nazorat inspeksiyasi hamda “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi Navoiy viloyati bo‘linmasi xodimlari hamkorligida Zarafshon daryosida nazorat reyd tadbiri olib borilayotgan vaqtda haqiqatdan ham noma’lum bo‘lgan yuk tashuvchi maxsus texnikalarga qum-shag‘al materallarini ortayotganligi aniqlangan.

O‘rganish davomida murojaatda ko‘rsatilgan hududda “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi bilan 2022- yilning 6-iyun sanasidan qum-shag‘al materiallarini qazib olish huquqiga ega bo‘lgan “Isroilov Ixtiyor orzusi” mas’ulyati cheklangan jamiyati tadbirkorlik subyekti ekanligi aniqlagan.

Eslatib o‘tamiz, “Isroilov Ixtiyor orzusi” mas’ulyati cheklangan jamiyati tadbirkorlik subyektining “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi bilan imzolagan shartnomasiga asosan qum-shag‘al materiallarini qazib olish loyihasini amalga oshirish huquqi 2025-yilning 31-martgacha etib belgilangan edi. Biroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-son Farmoniga asosan Zarafshon daryosida muddatsiz moratoriy joriy qilinganligi sababli 2024 yilning 1- may sanasidan boshlab tadbirkorlik subyekti bilan imzolangan 2022- yilning 6-iyundagi  shartnoma bekor qilinishi haqida “Xavfsiz daryo boshqarmasi”davlat muassasasi tomonidan tadbirkorlik subyektiga 2024-yilning 25-yanvar kuni ogohlantirish xati yuborilgan.

Yuqoridagi noqonuniy holatdan kelib chiqqan holda, tadbirkorlik subyektiga nisbatan Biznes ombudsmanning ruxsatnomasi asosida besh kunlik tekshiruv ishi ochilgan.Tekshiruv mobaynida, “Isroilov Ixtiyor orzusi” mas’ulyati cheklangan jamiyati tadbirkorlik subyekti Zarafshon daryosida 2024-yil 17- yanvarda muddatsiz moratoriy joriy qilinganligiga qaramasdan shartnomada belgilangan konturlardan tashqarida noqonuniy ravishda qum-shag‘al materiallarini qazish ishlari olib borilyotgani aniqlandi.

Marksheyderlik o‘lchov ishlari 2024 yil 14- iyundagi maʼlumotnomaga asosan olib borilib, tadbirkorlik subyekti tomonidan jami 36,9 m3 qum-shag‘al materiallari noqonuniy  ravishda qazib olganligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlangan holat bo‘yicha, huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-noyabrdagi 666-son qaroriga muvofiq, 17 mln 771 ming 040 so‘m tabiiy obyektlarga zarar yetkazilganligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021- yil 12-apreldagi 202-son qarori ijrosi yuzasidan 2020-2021-yillar va 2022 yil davomida atmosfera havosiga tashlamalar tashlaganlik va chiqindilarni joylashtirilganlik uchun qo‘shimcha 5 mln 299 ming 761 so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lovlari hisoblandi.

Takidlash joizki, o‘tamiz, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Navoiy viloyati boshqarmasining Ekologik nazorat inspeksiyasi hamda “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi Navoiy viloyati bo‘linmasi xodimlari ishtirokida moratoriyjoriy etilgan daryolarda may oyining 1-sanasidan boshlab muntazam ravishda nazorat reyd tadbirlari olib borilmoqda.