Xorazmda uchastkani auksionga chiqarish masalasi hal qilindi.
26/12/2023
“Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi tomonidan Toshqinga qarshi Hukumat komissiyasining 2019-yildagi 1-son majlis bayoni bilan tasdiqlangan Xorazm viloyati Urganch tumani “Cholish” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Amudaryo daryosi o‘zanida tozalanishi lozim deb topilgan uchastka bo‘yicha 2023-yil 23-iyunda davlat ekologik ekspertiza markazining 04-01/11-08-1197-sonli ijobiy xulosasi olingan.
Mazkur uchastkani realizatsiya qilish maqsadida, 6954123-sonli lot raqami bilan “E-AUKSION” elektron savdo platformasiga joylashtirilgan edi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamentining 2023-yil 27-sentyabrdagi 01/09-048-sonli xatiga asosan, ushbu lot auksion savdolaridan vaqtincha yechib olingan.
Xatda, tozalanishi lozim bo‘lgan uchastkaga olib boruvchi hozirda foydalanilayotgan yo‘l milliy tabiat bog‘i hududidan o‘tganligi, undan o‘zan tozalash ishlarida foydalaniladigan o‘zi ag‘dargich avtomashinalarining harakatlanishi natijasida havoga ko‘tariladigan chang o‘simlik dunyosiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi bayon etilgan.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamentining xatida ko‘tarilgan masalalar joriy yilning 25-26 dekabr kunlari mutasaddilar ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar faoliyatini muvofiqlashtirish va rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i F.Xodjayev, “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” davlat muassasasi ekologik ekspertizadan o‘tkazish boshqarmasi eksperti N.Masharipov, “Xavfsiz daryo boshqarmasi” davlat muassasasi bo‘lim boshlig‘i O.Xudayberdiyev, Xorazm viloyati ekologiya boshqarmasi Suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish sho‘basi mudiri R.Ro‘zmetov, Xorazm milliy tabiat bog‘i direktori A.Atajonov, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi kichik serjant M.Ro‘zmatovlar ishtirok etdi.
O‘rganish davomida, auksion savdolaridan yechib olingan uchastkada ko‘p miqdorda qum yig‘ilib qolganligi va ayni vaqtda daryo o‘zani oqimning chap tomoniga yo‘nalib shporga urilib oqayotganligi, o‘zanda tozalash ishlari olib borilmasa mazkur shpora yemirilib, orqa tomonidagi yuqori kuchlanishli elektr ustuniga xavf solayotganligi aniqlandi.
O‘rganish so‘ngida uchastkada to‘planib qolgan qum-shag‘al materiallaridan tozalash ishlari loyihasini qayta auksion savdolariga chiqarish, bunda uchastkaga olib boradigan milliy tabiat bog‘i hududiga kirmagan boshqa muqobil yo‘llar ham mavjudligi sababli auksion g‘olibi tomonidan faqat shu yo‘llardan foydalanish masalasini auksion shartlarida aks ettirilishi to‘g‘risida xulosa qilindi.
Shu bois, uchastkada loyihani amalga oshirish huquqi yaqin kunlar ichida qayta auksion savdolariga chiqariladi.