Moratoriy tadbiq etiladigan hududlar o‘rganildi
27/02/2024
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-14-sonli Farmoni bilan 2024- yil 1-maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilish belgilangan hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralarini belgilash vazifasi qo‘yilgan.
Shu maqsadda, Xavfsiz daryo boshqarmasi boshchiligida tegishli vazirlik va idoralarning xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tuzilib, moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralarini belgilash ishlariga kirishildi.
Joriy yilning 23-24 fevral kunlari ishchi guruh tomonidan Zarafshon va Sangzor daryolarining o‘zanlarini o‘rganish ishlari boshlangan bo‘lsa, 26-fevral kunidan boshlab Chirchiq va Norin daryolarining o‘zanlarida o‘rganish ishlari boshlandi.
O‘rganish davomida birinchi navbatda betartib qazish ishlari natijasida daryolar o‘zanlarini chuqurlashgan va qirg‘oqlari yemirilgan qismlarida sug‘orish tizimlari, elektr energiya, ko‘priklar va gidrotexnika infratuzilma obyektlariga zarar yetkazayotgan uchastkalarda moratoriy tadbiq qilish hamda noruda materiallarini qazib olinishini to‘xtatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘rganish yakunida moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralarini belgilash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan taklif kiritiladi.